OPEN BLOG banner

OPEN BLOG

Qur’on yodlash yo‘lidagi o‘zimga eslatmalar:

@khodieff
OPEN BLOGcover

Qur’on yodlash yo‘lidagi o‘zimga eslatmalar:

  1. Har kuni seni Qur’on ahlidan qilishini so‘rab Allohga duo qil. (Bir kun duo qilmay qo‘ysam ham ta’sirini sezganman)
  2. Onangdan duo olishni unutma. Bunga yuzaki qarama ham, chunki onaning duosi nishonga aniq teguvchi o‘q kabidir.
  3. Qur’on bor uyda uxlama.
  4. Istig‘forni ko‘paytir. Esingga tushdimi aytaver, toki esingdan chiqib, chalg‘imaguningcha.
  5. Intizomli bo‘l! Bir kunda yodlaydigan miqdorni belgilab ol. Bo‘lmasam, kecha ikki bet yodlaganman, bugun dam olsam ham bo‘ladi, deb o‘zingdan ketib qolishing mumkin).
  6. Yodlayotganda o‘zing yoqtirgan qiroat uslubingda o‘qi. Shunda yodlash osonroq bo‘ladi va zerikmaysan.
  7. Qur’on darslariga kech qolib borma. Bu juda xunuk holat. (Darsga kech qolgandan, bormagan yaxshi)
  8. Ustozingni aytganini qil. “Bir betni 300 tadan sanoq qilib chiq”, desa, bajar. Garchi 10 marta o‘qib, yodlab olgan bo‘lsang ham.
  9. Yodlaydigan mus’hafing bitta bo‘lsin, uni alishtiraverma.
  10. Ko‘zingni haromga boqishdan saqla. Buning jazosi Qur’onni unutishlik bo‘ladi, nauzubillah.
  11. Miyaga informatsiyalar yuklashni keskin kamaytir. Masalan, Telegram’dagi ko‘ngilochar kanallarni o‘chir, YouTube’ga kamroq kir. Instagram’ga esa hozircha umuman kirmasang ham bo‘ladi.
  12. Vazifalaringni xotirjam, tinchgina uyda tayyorlayman, deb o‘zingni aldama. Qur’onni har yerda o‘qi: yo‘lda, avtobusda, metroda, ishdagi bo‘sh vaqtlaringda va hokazo.
  13. Atrofingda doim o‘zingdan kuchlilar bo‘lsin. Shunda motivatsiya o‘z-o‘zidan keladi.
  14. Qur’onni ovoz chiqarib, baland o‘qi. Pichirlab yoki ko‘zing bilan o‘qima. Chunki bu yodlash emas, ertaga baribir esingdan chiqadi.
  15. Va unutma, inshaalloh, sen albatta, Hofizi Qur’on bo‘lasan!

@khodieff

    Ulashish: