Odatlarni shakllantirish

Avvallari odatlarni shakllantirishda ko‘p xatolar qilganman. 10 kun o‘tib, hatto 2-3 kundan keyin ham tashlab qo‘ygan paytlarim bo‘lgan. Odatlarni davomiy bajarishdagi motivatsiyam tez so‘nib qolardi. Keyin bularning sababini bilib, o‘zim uchun 3 ta qoida belgilab oldim. Shularni sizlar bilan ham ulashmoqchiman:

  1. Odatlar bajarish uchun kulgili darajada oson bo‘lishi kerak — Buni bir podcastda Aziz Rahimovdan eshitgandim. Kulgili darajada oson degani — yarim bet kitob o‘qish bo‘lishi mumkin masalan. Miqdorni dangasalik qilolmaydigan darajaga keltirib olish kerak. Bu haqida dinimizda ham aytiladi: ko‘p bo‘lib, bir kun bajargandan ko‘ra, ozgina bo‘lsa ham davomiy bo‘lgani afzal.
  2. Yuz foiz bajara olmaslik fojea emas — Oldin barcha belgilangan odatlarimni 100% bajarishga harakat qilardim. Agar bajarolmasam, motivatsiyam kundan-kunga tushib ketardi. Bora-bora hech birini bajarmasdan, to‘xtatib qo‘yardim. Keyin tushundimki, hatto 50% bajarish ham bu zo‘r natija. Yuqorida aytilganidek, muhimi davomiy bo‘lish. Iqtisodchi Behzod Xoshimovdan eshitgandim, “Bir noldan cheksiz marta ko‘p”.
  3. Finish ko‘rinib tursin — Ya’ni siz bajarayotgan odatlarning muddati bo‘lsin. Masalan, ertadan har kuni 10 bet kitob o‘qiyman emas, bir oy 10 betdan kitob o‘qiyman, deb maqsadni belgilab oling. Chunki o‘zingizga bergan va’dangizni bajarishingiz bu — siz uchun dozasi uzoqqa boradigan motivatsiyani beradi. Keyingi oydan miqdorni ko‘paytiring, yoki yangi odat qo‘shing.

(c)

@khodieff

    Ulashish: